2026-yil 1-fevraldan “Ijtimoiy himoya yagona reyestri” va “Kambag‘al oilalar reyestri” birlashtirilib, yagona Ijtimoiy reyestr tashkil etildi. Endi oilalar daromadi, mol-mulki, mehnatga layoqati va ijtimoiy holatiga qarab uch toifadan biriga kiritiladi.
Reyestrga kirish uchun daromadning kamligi yetarli emas. Oilaning ko‘chmas mulki, avtomobili, bank omonatlari, qimmatli qog‘ozlari va norasmiy daromadlari ham tekshiriladi.
2026-yil uchun minimal iste’mol xarajatlari bir kishi hisobiga oyiga 715 ming so‘m etib belgilangan. Reyestrga kiritishda qo‘llanadigan daromad chegaralari ham shu miqdordan kelib chiqib hisoblanadi.
Oilalar uch toifaga ajratiladi
Ijtimoiy reyestrdagi oilalar “davlat ta’minotidagi oila”, “kambag‘al oila” va “kambag‘allik chegarasidagi oila” toifalariga bo‘linadi.
Toifa | Asosiy mezon |
|---|---|
Davlat ta’minotidagi oila | Oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki mehnat qilish imkoniyati cheklangan, jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan kam |
Kambag‘al oila | Oilada mehnatga layoqatli a’zolar bor, jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan kam |
Kambag‘allik chegarasidagi oila | Jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan 1 mln 72,5 ming so‘mgacha |
Davlat ta’minotidagi oila
Oila a’zolari mehnatga layoqatsiz yoki ishlash imkoniyati cheklangan bo‘lsa hamda jon boshiga o‘rtacha oylik daromad 715 ming so‘mdan kam bo‘lsa, oila “davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilishi mumkin.
Bunda oila qonunchilikda belgilangan ijtimoiy toifalardan biriga mansub bo‘lishi ham kerak.
Oilaning daromadi va mol-mulkiga doir ma’lumotlar elektron tizimlar orqali har oy tekshiriladi. Oila a’zolari ishtirokidagi savolnoma esa har 12 oyda qayta to‘ldiriladi.
Kambag‘al oila
Oilada mehnatga layoqatli yoki ishlash imkoniyatiga ega shaxslar mavjud bo‘lib, jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan kam bo‘lsa, oila “kambag‘al oila” toifasiga kiritilishi mumkin.
Bunday oilaning ishlash imkoniyatiga ega a’zolari uchun ishga joylashish, kasb o‘rganish, o‘zini o‘zi band qilish yoki tadbirkorlik boshlash bo‘yicha individual reja tuziladi.
Oila haqidagi elektron ma’lumotlar har oy tekshiriladi. Oila a’zolari ishtirokidagi savolnoma esa har olti oyda qayta to‘ldiriladi.
Kambag‘allik chegarasidagi oila
Bu toifaga, birinchi navbatda, ilgari “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” deb topilib, keyinchalik daromadi oshgan oilalar o‘tkaziladi.
Bunda oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad 715 ming so‘mdan 1 mln 72 ming 500 so‘mgacha bo‘lishi kerak.
Bundan tashqari, og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan ayrim oilalar “mahalla yettiligi” tavsiyasi asosida ushbu toifaga kiritilishi mumkin. Jumladan:
I yoki II guruh nogironligi bo‘lgan yoxud bolalikdan nogironligi bo‘lgan shaxs yashaydigan oilalar;
boquvchisini yo‘qotgan yoki bolasini yolg‘iz tarbiyalayotgan oilalar;
o‘zgalar parvarishiga muhtoj yolg‘iz shaxslar;
a’zosi muddatli harbiy xizmatda yoki jazoni ijro etish muassasasida bo‘lgan oilalar;
a’zosi og‘ir kasallikka chalingan oilalar;
yong‘in, baxtsiz hodisa, tabiiy yoki texnogen favqulodda vaziyatdan zarar ko‘rgan oilalar.
Bunday oilalar daromadiga 25 foizlik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanadi. Masalan, oilaning jon boshiga haqiqiy daromadi 1 mln 430 ming so‘m bo‘lsa, uning 75 foizi — 1 mln 72 ming 500 so‘m hisobga olinadi.
Biroq “mahalla yettiligi” tavsiya qilishi mumkin bo‘lgan oilalar soni cheklangan:
300 tagacha oila yashaydigan mahallada — ko‘pi bilan 3 ta;
500 tagacha — 5 ta;
1 000 tagacha — 10 ta;
1 500 tagacha — 15 ta;
1 500 tadan ortiq bo‘lsa — 20 ta oila.
“Kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasida bo‘lish muddati 12 oyni tashkil etadi. Shundan keyin oilaning holati qayta baholanadi.
Oila daromadi qanday hisoblanadi?
Jon boshiga o‘rtacha oylik daromadni aniqlashda oilaning hisob-kitob davridagi uch oylik jami daromadi olinadi.
Hisoblash formulasi quyidagicha:
Uch oylik jami daromad ÷ 3 oy ÷ oila a’zolari soni.
Masalan, besh kishilik oilaning uch oylik jami daromadi 9 mln so‘m bo‘lsa:
9 mln ÷ 3 ÷ 5 = 600 ming so‘m.
Demak, oilaning har bir a’zosiga oyiga o‘rtacha 600 ming so‘mdan daromad to‘g‘ri keladi. Bu 715 ming so‘mlik mezondan 115 ming so‘mga kam.
Hisob-kitobga ish haqi bilan birga mulkiy daromadlar, olingan aliment, pul o‘tkazmalari, tadbirkorlik tushumlari va ayrim hollarda normativ daromad ham kiritiladi. To‘langan aliment esa oilaning jami daromadidan chiqarib tashlanadi.
Shu bilan birga, daromadning 715 ming so‘mdan kamligi oilani avtomatik ravishda reyestrga kiritmaydi. Uning mol-mulki va boshqa iqtisodiy imkoniyatlari ham baholanadi.
Arizani qanday topshirish mumkin?
Oilani Ijtimoiy reyestrga kiritish uchun quyidagi usullardan biri orqali murojaat qilish mumkin:
Davlat xizmatlari markazi;
tuman yoki shahardagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
mahallaga biriktirilgan ijtimoiy xodim;
my.gov.uz portali;
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” axborot tizimi;
“Ijtimoiy karta” mobil ilovasi.
Har bir oila reyestrga kirish uchun bir oyda faqat bir marta ariza bera oladi.
Ariza dastlab davlat organlarining elektron ma’lumotlari asosida tekshiriladi. Rad etish uchun asos topilmasa, ariza ijtimoiy xodimga yuboriladi va uch ish kuni ichida oilaning holati o‘rganiladi.
Shundan keyin “mahalla yettiligi” uch ish kuni ichida xulosa beradi. Xulosa tasdiqlangach, axborot tizimi oilaning holatini yana uch ish kuni ichida yakuniy baholaydi.
Natija arizada ko‘rsatilgan telefon raqamiga SMS orqali yuboriladi. Ariza rad etilsa, xabarda buning sababi ham ko‘rsatilishi kerak.
Qaysi hollarda ariza rad etiladi?
Daromad 715 ming so‘mdan yuqori bo‘lsa
Oilaning har bir a’zosiga to‘g‘ri keladigan o‘rtacha oylik daromad 715 ming so‘mdan yuqori bo‘lsa, oila “davlat ta’minotidagi oila” yoki “kambag‘al oila” toifasiga kiritilmaydi.
Biroq og‘ir hayotiy vaziyatga tushgan ayrim oilalarga 25 foizlik kamaytiruvchi koeffitsiyent qo‘llanishi mumkin.
Ortiqcha ko‘chmas mulk bo‘lsa
Oila a’zolari nomida jami bittadan ortiq ko‘chmas mulk va yer uchastkasi mavjud bo‘lsa, ariza rad etilishi mumkin.
Oila nomida yoki foydalanishida daromad keltiradigan kamida bitta noturar joy mavjudligi ham rad etish uchun asos hisoblanadi.
Nisbatan yangi avtomobil bo‘lsa
Quyidagi transport vositalaridan kamida bittasi mavjud bo‘lsa, oila reyestrga kiritilmasligi mumkin:
ishlab chiqarilganiga 12 yil to‘lmagan, texnik jihatdan soz yengil avtomobil;
oilada bolalikdan nogironligi bo‘lgan bola yoki I–II guruh nogironligi bo‘lgan shaxs yashasa — ishlab chiqarilganiga yetti yil to‘lmagan yengil avtomobil;
ishlab chiqarilganiga 15 yil to‘lmagan yuk avtomobili, avtobus, mikroavtobus, traktor, kombayn, ekskavator, avtokran yoki boshqa maxsus texnika;
ishlab chiqarilgan yilidan qat’i nazar, jami ikki yoki undan ortiq soz transport vositasi.
Bunda faqat oila a’zosi nomida rasmiylashtirilgan transport emas, balki uning foydalanishida yoki ishonchnoma asosida boshqaruvida bo‘lgan avtomobil ham hisobga olinadi.
Bank omonati 6,8 mln so‘mdan kam bo‘lmasa
Oila a’zolarining banklardagi depozit hisobvaraqlarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining besh baravari yoki undan ko‘p mablag‘ mavjud bo‘lsa, ariza rad etiladi.
2026-yil 1-sentabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1 mln 360 ming so‘mni tashkil etmoqda. Shu sababli amaldagi chegara 6,8 mln so‘m hisoblanadi.
Bozor qiymati 6,8 mln so‘m yoki undan yuqori bo‘lgan qimmatli qog‘ozlar mavjudligi ham rad etish uchun asos bo‘ladi.
Oilaning holatini o‘rganishga imkon berilmasa
Ijtimoiy xodim kelganida ariza beruvchi uyda bo‘lmasa, savolnomani tasdiqlashdan bosh tortsa yoki xonadonning holatini o‘rganishga imkon bermasa, jarayon to‘xtatilishi mumkin.
Rad javobidan qanday shikoyat qilinadi?
Reyestrga kiritishni rad etish, toifani o‘zgartirish yoki reyestrdan chiqarish haqidagi qarordan tuman yoki shahar hokimligi huzuridagi apellyatsiya kengashiga shikoyat qilish mumkin.
Shikoyat qaror kuchga kirgan kundan boshlab 30 kun ichida quyidagi usullarda yuboriladi:
“Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi;
Davlat xizmatlari markazi;
“Yagona milliy ijtimoiy himoya” tizimi;
“Ijtimoiy karta” ilovasi orqali.
Apellyatsiya kengashi shikoyatni 15 kun ichida ko‘rib chiqadi. Alohida hollarda bu muddat 30 kungacha uzaytirilishi mumkin.
Reyestrga kirganlarga qancha nafaqa beriladi?
2026-yil 1-sentabrdan bolalar nafaqasi va moddiy yordam miqdorlari 7 foizga oshirildi.
To‘lov turi | Oylik miqdori |
|---|---|
3 yoshgacha bo‘lgan bitta kichik farzand uchun | 386 ming so‘m |
3 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bitta bola uchun | 295 ming so‘m |
Ikkinchi farzand uchun qo‘shimcha | 177 ming so‘m |
Uchinchi va keyingi har bir farzand uchun qo‘shimcha | 118 ming so‘m |
Bolasi bo‘lmagan yoki barcha bolalari 18 yoshdan katta oilaga moddiy yordam | 450 ming so‘m |
Bir oilaga bolalar nafaqasi va moddiy yordam bir vaqtning o‘zida to‘lanmaydi.
“Kambag‘allik chegarasidagi oila” toifasiga o‘tkazilgan oilalarga nafaqa yoki moddiy yordam kamaytirilgan miqdorda beriladi:
jon boshiga daromad 715 ming so‘mdan 893 ming 750 so‘mgacha bo‘lsa — belgilangan to‘lovning 75 foizi;
daromad 893 ming 750 so‘mdan 1 mln 72 ming 500 so‘mgacha bo‘lsa — 50 foizi.
Bog‘cha to‘lovining bir qismi qoplanadi
Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning oilaviy nodavlat bog‘chalarga qatnaydigan farzandlari uchun ota-onalar to‘lovining bir qismi davlat tomonidan qoplanishi mumkin.
Kompensatsiya hududdagi to‘qqiz soatlik davlat bog‘chasi uchun belgilangan ota-onalar to‘lovining 40 foizi miqdorida ajratiladi.
Mablag‘ ota-onaga emas, bolaning haqiqiy davomati asosida bevosita bog‘chaning hisobvarag‘iga o‘tkaziladi. Imtiyoz bog‘chadagi o‘rinlarning ko‘pi bilan 15 foiziga tatbiq etiladi.
Joylar yetarli bo‘lmasa, avval davlat ta’minotidagi, keyin kambag‘al, undan so‘ng kambag‘allik chegarasidagi oilalar farzandlariga ustuvorlik beriladi.
To‘garak xarajatlarining 80 foizi qoplanadi
Reyestrdagi oilalarning davlat maktablarida o‘qiydigan farzandlari uchun ayrim qo‘shimcha ta’lim xarajatlarining 80 foizi budjetdan qoplanadi.
Imtiyoz:
7–11 yoshli bolalar uchun uzaytirilgan kun guruhlari;
12–18 yoshli o‘quvchilar uchun umumta’lim fanlari to‘garaklari;
15–18 yoshli o‘quvchilar uchun xorijiy til, axborot texnologiyalari va kasb-hunar kurslariga tatbiq etiladi.
O‘quvchi bir vaqtning o‘zida ko‘pi bilan ikkita to‘garakni tanlashi va ularga ta’til davri bilan birga to‘qqiz oygacha qatnashishi mumkin.
Oliy ta’limda qanday imtiyozlar bor?
Reyestrdagi oilalarning farzandlari oliy ta’limga kirish testida qatnashish uchun undiriladigan to‘lovdan ozod qilinadi.
Bundan tashqari, ular uchun bakalavriatga ajratilgan davlat grantlari soniga nisbatan 10 foizgacha qo‘shimcha grant kvotasi belgilanadi. Ushbu grantga da’vogarlik qilish uchun abituriyent tegishli yo‘nalishdagi davlat granti o‘tish balining kamida 80 foizini to‘plashi kerak.
Reyestrdagi oilalarning kunduzgi ta’limda o‘qiyotgan a’zolariga ta’lim krediti:
birinchi bosqichda — yillik kontrakt summasi miqdorida;
ikkinchi va undan yuqori bosqichlarda — o‘zlashtirish ko‘rsatkichidan qat’i nazar, kontraktning to‘liq summasi miqdorida ajratilishi mumkin.
Bunday talabalar uchun ta’lim krediti olishda garov va kafillik talab etilmaydi.
GPA ko‘rsatkichi 3,5 va undan yuqori bo‘lgan reyestrdagi oilalar farzandlariga keyingi o‘quv yili uchun foizsiz ta’lim krediti beriladi.
Shuningdek, davlat oliy ta’lim muassasasi talabalar turar joyida yashaydigan reyestr a’zolarining yotoqxona to‘lovi ham qoplanishi mumkin.
Talaba-qizlarga qo‘shimcha stipendiya
Barcha fanlardan “a’lo” baho olgan talaba-qizlarga asosiy stipendiyadan tashqari maxsus stipendiya to‘lanadi.
2026-yil 1-sentabrdan uning miqdori:
davlat ta’minotidagi oilaning talaba-qiziga — oyiga 1 mln 219 ming 94 so‘m;
kambag‘al oilaning talaba-qiziga — oyiga 609 ming 547 so‘m;
kambag‘allik chegarasidagi oilaning talaba-qiziga — oyiga 609 ming 547 so‘m.
Bu mablag‘ talabaning odatdagi stipendiyasiga qo‘shimcha ravishda beriladi.
Kontraktning 50 foizigacha qoplab beriladi
Ijtimoiy reyestrdagi oilalarning 14 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan a’zolariga “Yoshlar daftari” jamg‘armasi hisobidan kontrakt summasining 50 foizigacha qismi qoplab berilishi mumkin.
Yordam miqdori kontraktning yarmidan hamda 50 BHMdan oshmaydi. Amaldagi 440 ming so‘mlik BHM bo‘yicha eng yuqori miqdor 22 mln so‘mni tashkil etadi.
Yordam kasbiy ta’lim, bakalavriat yoki magistraturaning kunduzgi shaklida oddiy kontrakt asosida o‘qiyotganlarga beriladi.
Sirtqi, kechki, masofaviy, qo‘shma ta’lim, ikkinchi mutaxassislik va super-kontrakt uchun subsidiya ajratilmaydi.
Ariza my.gov.uz, Davlat xizmatlari markazi yoki Yoshlar yagona elektron platformasi orqali beriladi. Ijobiy qaror qabul qilinsa, pul talabaga emas, bevosita ta’lim tashkilotining hisobvarag‘iga o‘tkaziladi.
Bepul kasb yoki xorijiy til o‘rganish mumkin
Reyestrdagi oilaning ishsiz a’zosi tuman yoki shahar kambag‘allikni qisqartirish va bandlikka ko‘maklashish bo‘limiga murojaat qilishi mumkin.
Avval fuqaroning mutaxassisligi va malakasiga mos bo‘sh ish o‘rinlari taklif etiladi. Mos ish topilmasa, kasb-hunar yoki xorijiy til kursida bepul o‘qish uchun vaucher berish masalasi ko‘rib chiqiladi.
Vaucher olgan fuqaro elektron reyestrdagi ta’lim tashkiloti va o‘rganmoqchi bo‘lgan yo‘nalishni o‘zi tanlaydi. Vaucherdan uch oy ichida foydalanilmasa, u bekor qilinadi.
Tadbirkorlik uchun foizsiz ssuda
Reyestrdagi oila a’zolariga o‘z faoliyatini boshlash uchun zarur asbob-uskuna va mehnat qurollarini xarid qilishga 50 BHMgacha foizsiz ssuda ajratilishi mumkin.
Amaldagi BHM bo‘yicha bu 22 mln so‘mgacha degani. Ssuda olti oydan uch yilgacha muddatga beriladi va uni qaytarish talab etiladi.
Buning uchun fuqaro tadbirkor yoki o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi kerak. Ariza hokim yordamchisi, my.gov.uz yoki “Onlayn mahalla” platformasi orqali beriladi.
Quyosh paneli uchun 44 mln so‘mgacha subsidiya
“Davlat ta’minotidagi oila” toifasiga kiritilgan oilalarga xonadoniga 7–10 kVt quvvatli quyosh paneli o‘rnatish uchun 100 BHMgacha subsidiya ajratilishi mumkin.
Amaldagi BHM bo‘yicha subsidiya miqdori 44 mln so‘mgacha yetadi.
Ariza my.gov.uz, “Onlayn mahalla” platformasi yoki hokim yordamchisi orqali topshiriladi. Mablag‘ oilaga naqd berilmaydi, balki uch tomonlama shartnoma asosida uskunani yetkazib beruvchi va o‘rnatuvchi korxonaga o‘tkaziladi.
Ijtimoiy reyestrga kirish yuqoridagi barcha yordamlar avtomatik berilishini anglatmaydi. Har bir xizmat, subsidiya yoki imtiyoz uchun alohida mezonlar mavjud bo‘lib, yordam turi oilaning toifasi, ehtiyoji va individual rejasiga qarab belgilanadi.
Reyestr doirasida tibbiy xarajatlarni qoplash, uy-joyni ta’mirlash, kommunal to‘lovlarga ko‘maklashish, sport va san’at to‘garaklari, haydovchilik kurslari hamda boshqa yo‘nalishlarda ham yordam ko‘rsatilishi mumkin. Aniq ma’lumot olish uchun hududdagi “Inson” ijtimoiy xizmatlar markaziga murojaat qilish kerak.

