Prezident 9-sentabr kuni “Aholini shovqinning zararli ta’siridan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonunni imzoladi. Qonun bilan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksda shovqin bilan bog‘liq qoidabuzarliklar uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda.

Xususan, maishiy shovqinga qarshi kurashish talablarini birinchi marta buzgan fuqarolar uchun jarima amaldagi BHMning uchdan bir qismi o‘rniga 3−5 BHM — 1,32 mln so‘mdan 2,2 mln so‘mgacha etib belgilanadi.

Mansabdor shaxslar uchun esa jarima hozirgi 146,7−220 ming so‘mdan 4,4−6,6 mln so‘mgacha oshadi.

Agar qoidabuzarlik bir yil ichida takrorlansa, fuqarolarga 2,2−3,08 mln so‘m, mansabdor shaxslarga esa 6,6−8,8 mln so‘m jarima solinadi. Shu tariqa mansabdor shaxslar uchun maksimal jarima miqdori 20 BHMga yetadi.

Avtomobillarga ham talab kuchayadi. Shovqin darajasi belgilangan me’yordan yuqori bo‘lgan transport vositasini boshqarganlik uchun endi ogohlantirish berilmaydi. Buning o‘rniga 440 ming so‘m jarima qo‘llanadi.

Shovqin bo‘yicha ma’muriy bayonnomalarni ichki ishlar organlari rasmiylashtiradi. Transport vositalarining shovqin me’yorlariga mosligi texnik ko‘rik vaqtida ham tekshiriladi.

Qonunga ko‘ra, ish kunlari 23:00 dan 07:00 gacha, dam olish va bayram kunlari esa 22:00 dan 09:00 gacha belgilangan me’yordan ortiq shovqin qilish taqiqlanadi.

Yangi jarimalar va tegishli o‘zgartirishlar 2026-yil 11-dekabrdan kuchga kiradi.