O‘zbekistonda mobil qurilmalarning IMEI-kodlarini majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish tizimi orqali yetti yil ichida 3 trln so‘mdan ortiq mablag‘ yig‘ilgan. Bu haqda Gazeta.uz UzIMEI tizimi operatori ma’lumotlariga tayanib xabar berdi.
Operator ma’lumotiga ko‘ra, shu vaqt davomida 97,8 mln dan ortiq IMEI-kod ro‘yxatga olingan. Ular uchun amalga oshirilgan to‘lovlarning umumiy miqdori 253 mln dollarni tashkil etgan.
IMEI-kodlarni majburiy ro‘yxatdan o‘tkazish 2019-yil 1-noyabrdan boshlangan. Tartib Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 17-sentabrdagi 778-son qarori bilan tasdiqlangan.
Amaldagi tartibga ko‘ra, jismoniy shaxs telefon mahalliy mobil tarmoqqa birinchi marta ulangandan keyin 30 kun ichida uning har bir IMEI-kodini ro‘yxatdan o‘tkazish uchun bazaviy hisoblash miqdorining 20 foizini to‘laydi. Muddat o‘tkazib yuborilsa, to‘lov BHMning 25 foizigacha oshadi. Import qiluvchilar uchun stavka 20 foiz, mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun esa 10 foiz etib belgilangan.
Hozirgi BHM — 412 ming so‘mdan hisoblanganda, jismoniy shaxs uchun bitta IMEI-kodni o‘z vaqtida ro‘yxatdan o‘tkazish 82,4 ming so‘mga tushadi. Ikki IMEI-kodga ega telefon uchun esa to‘lov 164,8 ming so‘mni tashkil qiladi.
Majburiy to‘lovning huquqiy maqomi qanday?
Gazeta.uz IMEI uchun majburiy to‘lovning huquqiy maqomi va yig‘ilgan mablag‘lar qayerga sarflanishi masalasini ko‘targan.
UzIMEI tizimi operatori — Telekommunikatsiya tarmoqlarini boshqarish respublika markazi vakili Otabek Azimovning izohiga ko‘ra, IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun undiriladigan pul soliq hisoblanmaydi. U markaz tomonidan ko‘rsatilayotgan xizmat uchun olinadigan to‘lov sifatida qaraladi.
Operator tushumlar UzIMEI tizimining ishlashini ta’minlash, serverlarni yangilash, xodimlar ish haqi, telekommunikatsiya infratuzilmasini rivojlantirish hamda chekka hududlarda aloqa sifatini yaxshilashga sarflanishini bildirgan.
Shu bilan birga, telefon ro‘yxatdan o‘tkazilmasa, 30 kunlik muddat tugagach qurilmadan O‘zbekiston mobil operatorlari tarmog‘ida foydalanish cheklanadi. Ya’ni to‘lov huquqiy jihatdan “xizmat haqi” sifatida belgilangan bo‘lsa-da, mobil aloqa xizmatidan davomli foydalanish uchun IMEI-kodni ro‘yxatdan o‘tkazish amalda majburiy hisoblanadi.
Hozircha IMEI-kodlarni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun to‘lovni bekor qilish rejalashtirilmagani bildirilgan.








