Normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portaliga korrupsiyaga oid jinoyatlarni sodir etishda aybdor deb topilgan shaxslarning elektron reyestrini yuritish tartibini belgilovchi Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasi joylashtirildi.
Loyihaga ko‘ra, elektron reyestr Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi va Ichki ishlar vazirligi tomonidan birgalikda yuritiladi. Tizim IIVning Maxsus hisob axborot bazasida ishlaydi, Agentlik esa unga real vaqt rejimida ulanadi.
Sudning korrupsiyaga oid jinoyat bo‘yicha ayblov hukmi yoki ajrimi qonuniy kuchga kirgach, IIV uch ish kuni ichida shaxs haqidagi ma’lumotlarni reyestrga kiritishi kerak bo‘ladi.
Shuningdek, reyestr ishga tushirilgunga qadar korrupsiyaga oid jinoyat uchun sudlangan, biroq sudlanganligi hali tugallanmagan yoki olib tashlanmagan shaxslar haqidagi mavjud ma’lumotlar ham bazaga kiritiladi.
Reyestrdagi ma’lumotlar shaxsning Jinoyat kodeksida belgilangan sudlanganlik muddati davomida saqlanadi. Shaxs oqlansa, sudlanganligi tugallansa yoki olib tashlansa, qilmishi korrupsiyaga aloqador bo‘lmagan boshqa jinoyatga qayta malakalansa yoxud vafot etsa, u reyestrdan chiqariladi.
Bunda tegishli asos yuzaga kelganidan yoki zarur hujjatlar kelib tushganidan keyin IIV shaxsni uch ish kuni ichida reyestrdan chiqarishi nazarda tutilgan.
Reyestrdagilarga qanday cheklovlar qo‘yiladi?
Reyestrga kiritilgan shaxslar sudlanganlik muddati davomida davlat xizmatiga kira olmaydi va davlat mukofotlari bilan taqdirlanmaydi.
Bundan tashqari, ular saylanadigan yoki alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga nomzod sifatida ko‘rsatilmaydi, davlat organlari huzuridagi jamoatchilik kengashlari hamda idoralararo kollegial organlarga a’zo bo‘la olmaydi.
Shaxs o‘zi ta’sis etgan yoki ustav kapitalining 50 foizidan ko‘prog‘iga egalik qiladigan tadbirkorlik subyekti davlat xaridlarida va davlat-xususiy sheriklik bitimlarida ishtirok eta olmaydi. Shuningdek, reyestrdagilar davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar hamda davlat ta’lim muassasalarida rahbarlik lavozimida ishlashi cheklanadi.
Ayni paytda, shaxsning reyestrga kiritilishi uning qarindoshlari huquqlarini cheklash uchun asos bo‘la olmaydi.
Ishga olishdan oldin tekshirish majburiy bo‘ladi
Davlat organlari va tashkilotlari xodimni ishga qabul qilish yoki yuqori lavozimga tayinlashda uning reyestrda bor-yo‘qligini tekshirishi shart bo‘ladi.
Bunday tekshiruv davlat ulushi 50 foizdan yuqori tashkilotlar va davlat ta’lim muassasalarining rahbarlik lavozimlariga nomzodlar, saylanadigan yoki alohida tartibda tayinlanadigan lavozimlarga ko‘rsatilayotgan shaxslar, jamoatchilik kengashlari a’zoligiga nomzodlar hamda davlat mukofotiga tavsiya etilayotganlarga nisbatan ham o‘tkaziladi.
Davlat organlari va tashkilotlari rahbarlariga mazkur tekshiruvni amalga oshirish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklash taklif qilinmoqda. Agar amaldagi xodimning korrupsiyaga oid jinoyat sababli reyestrga kiritilgani aniqlansa, bu Mehnat kodeksiga muvofiq mehnat shartnomasini ish beruvchi tashabbusi bilan bekor qilish uchun asos bo‘lishi mumkin.
Reyestr yopiq shaklda yuritiladi. Davlat organlari va tashkilotlariga undan ma’lumot berishda shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonunchilik talablariga rioya qilinishi kerak.
Qaror qabul qilinsa, IIV va Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi ikki oy ichida reyestrning dasturiy ta’minotini to‘liq ishga tushirishi, shuningdek tizimdan “E-Komplaens” orqali foydalanishni yo‘lga qo‘yishi kerak bo‘ladi.








