Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti Farg‘ona viloyatida o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida hokim lavozimiga tayinlashni va’da qilib pul talab qilgan shaxs ushlanganini ma’lum qildi.

Departament ma’lumotiga ko‘ra, S.A. ismli fuqaro I.D.ning ishonchiga kirib, o‘zini hakamlik sudida sudyaning yordamchisi sifatida tanishtirgan.

U yuqori lavozimdagi tanishlari orqali I.D.ni Uchko‘prik tumani hokimi lavozimiga tayinlashga yordam berishini va’da qilgan. Buning evaziga 210 ming dollar talab qilgan.

Tezkor tadbir davomida S.A. so‘ralgan pulning 100 ming dollarini naqd shaklda olayotgan vaqtida ushlangan. Operatsiyada Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti tezkor xodimlari hamda boshqa huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari ishtirok etgan.

Gumonlanuvchiga nisbatan Jinoyat kodeksining 25, 168-moddalari bilan firibgarlikka suiqasd qilish, shuningdek, 28, 211-moddalari bilan pora berishda ishtirok etish alomatlari bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.