Xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashi 25-sentabr kuni jamoat transporti tariflarini o‘zgartirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qildi. Hujjat 2026-yil 1-oktabrdan kuchga kiradi.
Qarorga ko‘ra, avtobus yoki metroda bank kartasi, transport kartasi yoxud boshqa elektron to‘lov vositasi orqali bir martalik qatnov narxi 2 500 so‘mni tashkil etadi. Amaldagi tarif 1 700 so‘m bo‘lib, narx 800 so‘mga yoki 47,1 foizga oshmoqda.
Masalan, ish kunlari jamoat transportida kuniga ikki marta qatnaydigan yo‘lovchining oylik xarajati 74,8 ming so‘mdan 110 ming so‘mga yetadi. Natijada oyiga qo‘shimcha 35,2 ming so‘m sarflanadi.
Naqd to‘lov uchun 3 ming so‘mlik tarif o‘zgarishsiz qoldirilgan. Biroq 2025-yildan Toshkent avtobuslarining o‘zida naqd pul qabul qilish bekor qilingan. Naqd to‘lamoqchi bo‘lgan yo‘lovchilar bekatlardagi infokiosklar orqali bir martalik QR-chipta sotib oladi. mmtri.uz
Bagaj tashish narxi 4 ming so‘m etib belgilandi. Barcha tariflar QQSni hisobga olgan holda ko‘rsatilgan.
Oylik abonementlar 56 foizga qimmatlashadi
Faqat avtobuslardan foydalanish uchun 30 kunlik yoki bir oylik tarif 250 ming so‘m etib belgilandi. Hozir bu abonement 160 ming so‘m turadi. Shunday qilib, uning narxi 90 ming so‘mga yoki 56,3 foizga oshmoqda.
Avtobus va metro uchun umumiy oylik tarif esa 221 ming so‘mdan 345 ming so‘mga yetadi. O‘sish 124 ming so‘m yoki 56,1 foizni tashkil etadi. Amaldagi abonement narxlari ATTO ma’lumotlarida ham keltirilgan. atto.uz
Yangi tariflar quyidagicha:
Tarif muddati | Faqat avtobus | Avtobus va metro |
|---|---|---|
1 kunlik | 11 500 so‘m | 13 500 so‘m |
5 kunlik | 42 500 so‘m | 57 500 so‘m |
7 kunlik | 54 000 so‘m | 73 000 so‘m |
10 kunlik | 84 500 so‘m | 115 500 so‘m |
15 kunlik | 127 000 so‘m | 173 000 so‘m |
20 kunlik | 169 500 so‘m | 231 000 so‘m |
30 kunlik yoki 1 oylik | 250 000 so‘m | 345 000 so‘m |
3 oylik | 682 500 so‘m | 945 000 so‘m |
6 oylik | 1,17 mln so‘m | 1,62 mln so‘m |
1 yillik | 1,95 mln so‘m | 2,7 mln so‘m |
Bundan tashqari, 10 martalik safar paketi 19 ming so‘m, 20 martalik paket 38,5 ming so‘m va 30 martalik paket 57,5 ming so‘m etib belgilandi. Bunda bir safarning o‘rtacha narxi qariyb 1 900–1 925 so‘mga tushadi.
Ikkinchi avtobus uchun to‘lov ikki baravardan ko‘proq oshadi
Transport kartasi orqali bir soat ichida boshqa avtobusga o‘tilganda birinchi qatnov uchun 2 500 so‘m, ikkinchi avtobus uchun 1 500 so‘m yechiladi. Uchinchi va undan keyingi avtobuslarda qatnov bepul bo‘ladi.
Hozir birinchi avtobus 1 700 so‘m, ikkinchisi 700 so‘m, uchinchi va to‘rtinchi qatnov esa bepul. Demak, ikki avtobusdagi bir soatlik safar jami 2 400 so‘mdan 4 ming so‘mga — 66,7 foizga qimmatlashadi.
Avtobus va metroni bir soat ichida almashtirib ishlatishda birinchi transport uchun 2 500 so‘m, keyingi avtobus yoki metro uchun 1 500 so‘mdan to‘lanadi. Metrodan bir soatlik tarif doirasida faqat bir marta foydalanish mumkin. Metroga ikkinchi marta kirilganda 60 daqiqalik hisob davri yangidan boshlanadi.
O‘quvchilar, talabalar, nafaqaxo‘rlar va nogironligi bo‘lgan shaxslar transport paketlarini sotib olganda 50 foizlik chegirmadan foydalanishda davom etadi. Masalan, ular uchun bir oylik avtobus abonementi 125 ming so‘m, avtobus va metro abonementi esa 172,5 ming so‘mga tushadi. Jamoat transportidan bepul foydalanish huquqiga ega fuqarolarning amaldagi imtiyozlari ham saqlab qolinadi.
Transport vazirligi tariflarni oshirish loyihasini izohlar ekan, amaldagi yo‘lkira tashuvchilarning xarajatlarini faqat qisman qoplashini bildirgan edi. Vazirlik ma’lumotiga ko‘ra, Toshkent jamoat transporti bir kunda qariyb 2,5 mln yo‘lovchiga xizmat ko‘rsatadi, avtobuslar soni esa 1 900 taga yaqinlashgan.
