Prezidentning 14-avgustdagi PQ–294-son qarori bilan aholiga muddatli to‘lov xizmatlarini ko‘rsatish tartibi belgilandi.
Bank va mikromoliya tashkilotlaridan tashqari, muddatli to‘lov xizmatini ko‘rsatuvchi yuridik shaxs “muddatli to‘lov xizmati operatori” hisoblanadi.
Bunday kompaniya Markaziy bank shakllantiradigan maxsus reestrga kiritilgandan keyingina ushbu faoliyat bilan shug‘ullanish huquqiga ega bo‘ladi. Banklar va mikromoliya tashkilotlari Markaziy bankni xabardor qilish, boshqa yuridik shaxslar esa hisob ro‘yxatidan o‘tish orqali reestrga kiradi.
Iste’molchi qanday huquqlarga ega bo‘ladi?
Muddatli to‘lov shartnomasida operatorning komissiyasi, ustamasi va tovarning yakuniy qiymatiga qo‘shiladigan boshqa to‘lovlar alohida ko‘rsatilishi shart.
Iste’molchi qarzni istalgan vaqtda to‘liq yoki qisman muddatidan oldin to‘lashi mumkin. Bunda undan qo‘shimcha komissiya, jarima yoki penya undirishga yo‘l qo‘yilmaydi.
Asosiy qarzdan tashqari barcha to‘lovlar, jumladan, vositachilik haqi, jarima, penya va boshqa javobgarlik choralari yig‘indisi bir yilda muddatli to‘lov summasining 50 foizidan oshishi mumkin emas.
Masalan, muddatli to‘lov summasi 10 mln so‘m bo‘lsa, asosiy qarzdan tashqari to‘lovlar yig‘indisi yiliga 5 mln so‘mdan oshmasligi kerak.
Shartnoma muddati va summasi cheklanadi
Muddatli to‘lov shartnomasi bo‘yicha iste’molchining majburiyati shartnoma tuzilgan kundan boshlab ko‘pi bilan 12 oy davom etishi mumkin.
Tovar, ish yoki xizmatning qiymati esa 250 BHMdan oshmasligi kerak. Amaldagi 412 ming so‘mlik BHM bo‘yicha bu 103 mln so‘mga teng. Biroq 2027-yilgacha BHM o‘zgarsa, ushbu miqdor ham shunga mos ravishda o‘zgaradi.
Ko‘chmas mulk, muomaladan chiqarilgan yoki muomalada bo‘lishi cheklangan boshqa mol-mulk muddatli to‘lov xizmatining obyekti bo‘la olmaydi.
Mijozning qarz yuki tekshiriladi
Operator muddatli to‘lov ajratishda mijozni axborot texnologiyalari orqali raqamli identifikatsiya va verifikatsiyadan o‘tkazishi shart.
Tuzilgan shartnomalar hamda ularning ijrosi haqidagi ma’lumotlar kredit byurolariga yuboriladi. Operator qaror qabul qilishda Markaziy bank belgilaydigan qarz yuki ko‘rsatkichining eng yuqori chegarasiga ham rioya qilishi kerak.
Natijada fuqaroning boshqa kredit va muddatli to‘lov majburiyatlari yangi shartnoma tuzilishidan oldin hisobga olinadi.
Shu bilan birga, 2027-yil 1-yanvardan qiymati 3 BHMgacha bo‘lgan tovar iste’mol krediti shartnomalari va ularning ijrosi haqidagi ma’lumotlarni kredit byurolariga taqdim etish talab qilinmaydi. Hozirgi BHM bo‘yicha bu 1 mln 236 ming so‘mgacha bo‘lgan shartnomalarni anglatadi.
Ayrim savdo kompaniyalari ham reestrga kirishi kerak
Agar tashkilotning bir chorakdagi savdo aylanmasi 500 mln so‘mdan oshsa va unda bo‘lib-bo‘lib to‘lash xizmatining ulushi kamida 50 foizni tashkil etsa, u Markaziy bankda hisob ro‘yxatidan o‘tib, reestrga kirishi kerak.
Bunday tashkilotlar ham muddatli to‘lov operatorlari uchun belgilangan talablarni bajarishi shart bo‘ladi.
Operatorlarga moliyaviy iste’mol krediti ajratish va jismoniy shaxslardan pul mablag‘larini jalb qilish taqiqlanadi. Ular muddatli to‘lov shartnomasi bo‘yicha qarzni talab qilish huquqini faqat boshqa operator, mikromoliya tashkiloti yoki bankka o‘tkazishi mumkin.








