Prezident Shavkat Mirziyoyev 14-avgust kuni sud tizimi rahbarlari bilan uchrashuvda “Odil sudlov — 2030” strategiyasi loyihasini ma’qulladi va undagi islohotlarni amalga oshirishga qaratilgan farmonni imzoladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.

Yangi tartibga ko‘ra, fuqaro arizani vakolatsiz sudga yuborsa, hujjatlar unga qaytarilmaydi. Arizani qabul qilgan sud uning qaysi sudga tegishli ekanini aniqlab, vakolatli sudga o‘zi o‘tkazadi.

Masalan, fuqaro arizani fuqarolik ishlari bo‘yicha sudga bergan, biroq nizo ma’muriy yoki iqtisodiy sud vakolatiga kirgan bo‘lsa, hujjatlarni qaytadan yig‘ib, boshqa sudga topshirishi shart bo‘lmaydi.

Bundan tashqari, arizada juz’iy kamchiliklar aniqlansa, sud ularni bartaraf etishda fuqaroga faol ko‘maklashadi. Hozircha qaysi xatolar “juz’iy kamchilik” hisoblanishi va yordam qanday shaklda ko‘rsatilishi ochiqlanmagan.

Ayni paytda sudlar o‘rtasida ariza va ish materiallarini o‘tkazish mexanizmi amaldagi qonunchilikda qisman mavjud. Jumladan, Fuqarolik protsessual kodeksining 31¹-moddasiga ko‘ra, talab fuqarolik sudi vakolatiga kirmasa, ariza iqtisodiy yoki ma’muriy sudga o‘tkaziladi. Shunga o‘xshash qoidalar boshqa protsessual kodekslarda ham belgilangan.

Shu sababli farmondagi yangilik ushbu mexanizmni barcha sudlarda yagona tamoyil asosida kengroq qo‘llashga qaratilgan. Uning aniq doirasi protsessual kodekslarga kiritiladigan o‘zgartirishlardan keyin ma’lum bo‘ladi.

Strategiya jami 57 ta vazifani qamrab olgan. Uni amalga oshirish bo‘yicha 2026–2028-yillarga mo‘ljallangan dasturga 160 ta chora-tadbir, 2030-yilgacha erishilishi kerak bo‘lgan 33 ta maqsad kiritilgan.

Xususan, 2027-yil 1-iyuldan beshta hududlararo sud tashkil etiladi. Viloyat sudlarida apellyatsiya va kassatsiya instansiyalari saqlanib qoladi, taftish instansiyasining vakolatlari esa yangi sudlarga beriladi.

Bundan tashqari, sudlarga murojaatlarning kamida 50 foizini elektron shaklga o‘tkazish, sud majlislarining barchasini audioyozuv orqali qayd etish hamda Oliy sud axborot tizimlari foydalanuvchilari sonini besh baravar oshirish rejalashtirilgan.

Farmon imzolangan bo‘lsa-da, undagi barcha o‘zgarishlar hozirdanoq amalda degani emas. Yangi tartiblar tegishli qonunlar o‘zgartirilishi va belgilangan muddatlar kelishi bilan bosqichma-bosqich joriy etiladi.