Prezident tomonidan 14-avgust kuni imzolangan O‘RQ-1165-son qonun bilan Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritildi.

Yangi tartib fuqarolar va tadbirkorlarning ma’muriy organlar, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari hamda ularning mansabdor shaxslari qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi ustidan bergan shikoyatlariga taalluqli.

Masalan, hokimlik, soliq, kadastr yoki boshqa ma’muriy organning qarori ustidan sudga murojaat qilinganda, shikoyat qilinayotgan mansabdorning o‘zi yoxud tegishli vakolat berilgan vakili sudda ishtirok etishi kerak.

Agar mansabdor yoki uning vakili sudga kelmasa, ishni ko‘rish keyinga qoldiriladi. Kelmaslik sababi sud tomonidan uzrli deb topilmasa, mansabdorga sud jarimasi qo‘llanishi mumkin.

Ma’muriy sud ishlarini yuritish to‘g‘risidagi kodeksga ko‘ra, sud jarimasining umumiy miqdori bazaviy hisoblash miqdorining besh baravaridan oshmasligi kerak. Davlat organi mansabdoriga solingan bunday jarima uning shaxsiy mablag‘idan undiriladi.

Biroq mansabdorning kelmagani ishni har tomonlama va to‘liq ko‘rib chiqishga to‘sqinlik qilmasa, sud ishni uning ishtirokisiz ham davom ettirishi mumkin. Demak, yangi norma mansabdorga sud majlisini qatnashmaslik orqali muddatsiz cho‘zish imkonini bermaydi.

Mazkur mexanizm dastlab 2025-yil 30-yanvardagi PQ-33-son prezident qarorida nazarda tutilgan edi. O‘RQ-1165-son qonun bilan u endi protsessual kodeks darajasida mustahkamlandi.

Dastlabki eshituv ham joriy etildi

Qonun bilan ma’muriy sudlarda dastlabki eshituv instituti ham yo‘lga qo‘yildi. Sudya uni ariza kelib tushgan kundan boshlab 20 kundan kechiktirmay o‘tkazishi kerak.

Dastlabki eshituvda arizachining talablari va javobgarning e’tirozlari aniqlashtiriladi, arizadagi kamchiliklarni bartaraf etish choralari ko‘riladi. Taraflarga zarur dalillar va yozma fikrlarni taqdim etish bo‘yicha tushuntirish beriladi.

Sudya mavjud talab va dalillarga dastlabki huquqiy baho ham beradi. Eshituv yakunida arizani ko‘rmasdan qoldirish, kelishuv bitimini tasdiqlash yoki ishni sud muhokamasiga tayinlash haqida ajrim chiqarilishi mumkin.

Bundan tashqari, kodeksga “ishonchning huquqiy himoyasi” prinsipi kiritildi. U ma’muriy organning qaroriga qonuniy ravishda ishongan fuqaro yoki tadbirkorning manfaatlarini davlat organi keyinchalik o‘z pozitsiyasini o‘zgartirgan holatlarda himoya qilishga qaratilgan.

Qonun rasmiy e’lon qilingan kundan kuchga kirgan.