Prezidentning 4-sentabrdagi PQ–314-son qarori bilan profilaktika inspektorlarining vakolatlari kengaytirilmoqda.

Hozirda profilaktika inspektorlari Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 128⁶-moddasi, ya’ni to‘xtash yoki to‘xtab turish qoidalarini buzish holatlari bo‘yicha chora ko‘rishi mumkin. Boshqa qoidabuzarlik aniqlanganda esa hududga biriktirilgan yo‘l-patrul xizmati xodimini chaqirishi talab etiladi.

Endilikda profilaktika inspektorlari mahalla ko‘chalari va yo‘laklarida quyidagi qoidabuzarliklarni ham ko‘rib chiqishi mumkin bo‘ladi:

  • trotuar, piyodalar va velosiped yo‘lkasi hamda yashil maydonda avtomobil haydash, yo‘l belgilari va boshqa yo‘l harakati qoidalariga rioya qilmaslik;

  • transport vositasida odam tashish qoidalarini buzish;

  • temiryo‘l kesishmasidan o‘tish qoidalarini buzish;

  • yo‘l harakati qoidalarida nazarda tutilgan hujjatlarsiz transport vositasini boshqarish.

Shu tariqa, profilaktika inspektorlarining yo‘l harakati sohasidagi vakolati avvalgi bitta yo‘nalishdan jami beshta yo‘nalishgacha kengayadi.

Bundan tashqari, profilaktika inspektorlari o‘z vakolati doirasida birinchi marta sodir etilgan 17 turdagi kam ahamiyatli ma’muriy huquqbuzarlik uchun jarima o‘rniga ma’muriy ogohlantirish qo‘llashi mumkin bo‘ladi.

Ular tuman yoki shahar ichki ishlar organi boshlig‘i yoxud uning o‘rinbosari vakolatiga kiruvchi yana to‘qqiz turdagi ma’muriy huquqbuzarlikni ko‘rib chiqib, jazo qo‘llash vakolatiga ham ega bo‘ladi.

Qaror bilan aholi tomonidan profilaktika inspektorining faoliyatiga nisbatan ovoz berish orqali “ishonchsizlik tashabbusi”ni bildirish mexanizmi ham joriy etiladi. Ovoz berish natijasi inspektorga nisbatan ichki ishlar organlaridan bo‘shatishgacha bo‘lgan chora qo‘llash uchun asos bo‘lishi mumkin.

Shuningdek, profilaktika inspektorlariga kasbiy faoliyatiga aloqador bo‘lmagan qo‘shimcha vazifalarni yuklash hamda bevosita yoki to‘g‘ridan to‘g‘ri rahbari bo‘lmagan mansabdorlarning topshiriq berishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Qaror 2026-yil 5-sentabrdan kuchga kirgan. Yangi vakolatlarni amalda qo‘llash uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga tegishli o‘zgartirishlar kiritilishi lozim.