Markaziy bank kredit oluvchilarni qarzni o‘z vaqtida to‘lamaslik oqibatlari haqida aniqroq ogohlantirishni taklif qilmoqda.

Loyihaga ko‘ra, kredit reklamasining kamida 10 foizi moliyaviy xatarlar haqidagi ogohlantirishga ajratilishi kerak bo‘ladi.

Kredit shartnomasining dastlabki qismida esa kamida 30 foiz joyni egallaydigan alohida ogohlantirish joylashtiriladi. Unda to‘lovlarni kechiktirish quyidagi oqibatlarga olib kelishi mumkinligi ko‘rsatiladi:

  • umumiy qarzdorlikning oshishi;

  • majburiy ijro choralarining qo‘llanishi;

  • mol-mulkka undiruv qaratilishi;

  • hisobvaraqlardagi mablag‘larning xatlanishi;

  • kredit tarixining yomonlashishi va kelajakda kredit olish imkoniyatining cheklanishi.

Bundan tashqari, kredit mahsuloti iste’molchini chalg‘ituvchi deb topilsa, Markaziy bank bankning ayrim moliyaviy operatsiyalarini olti oygacha cheklashi yoki taqiqlashi mumkin bo‘ladi.

Hozircha bu norma yakuniy emas. Loyiha 21-avgustgacha jamoatchilik muhokamasida bo‘ladi. Qabul qilinsa, rasmiy e’lon qilinganidan bir oy o‘tib kuchga kiradi.

Manba: Markaziy bank boshqaruvining qaror loyihasi.