Markaziy bank tijorat banklarining mijozlar bilan ishlashiga qo‘yiladigan minimal talablarga o‘zgartirish kiritishni taklif qildi. Tegishli qaror loyihasi jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan.
Taklifga ko‘ra, bank kredit yoki kafillik shartnomasi bo‘yicha qarzdorlikni mijozning alohida topshirig‘isiz uning kartalaridan undirsa, hisobvaraqlardagi barcha pulni yechib ololmaydi.
Undirishdan keyin mijozning bank kartalarida mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining kamida 50 foizi saqlanib qolishi kerak bo‘ladi.
2026-yil 1-sentabrdan mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori 1,36 mln so‘m etib belgilangan. Shundan kelib chiqib, hozir himoyalanishi taklif qilinayotgan summa 680 ming so‘mni tashkil etadi. MHTEKM oshirilsa, bu miqdor ham avtomatik ravishda o‘zgaradi.
Masalan, fuqaroning kartalarida jami 1,5 mln so‘m bo‘lsa, bank avtomatik undirish orqali uning hammasini kredit qarziga yo‘naltira olmaydi. Kartalarda kamida 680 ming so‘m qolishi, qarz uchun esa ko‘pi bilan 820 ming so‘m yechilishi mumkin bo‘ladi.
Qaysi kartalar bundan mustasno?
Taklif qilinayotgan himoya barcha kartalarga bir xil qo‘llanmaydi.
Agar muayyan kartaning majburiy rekvizitlari kredit yoki kafillik shartnomasida qarzni to‘lash uchun ko‘rsatilgan bo‘lsa, 680 ming so‘mlik minimal qoldiq talabi unga tatbiq etilmasligi mumkin.
Shuningdek, mijoz kartani qarzdorlik bo‘yicha to‘lovlarni undirish uchun bankning mobil ilovasiga biriktirgan bo‘lsa, bank o‘sha kartadagi mablag‘ni minimal qoldiqsiz yechib olish imkoniyatini saqlab qoladi.
Demak, yangi qoida mijozning boshqa bank kartalarini avtomatik undirishdan qisman himoya qiladi. Biroq kreditni to‘lash uchun oldindan belgilangan kartadagi barcha mablag‘ yechib olinishi mumkin.
UZCARD kartalarida boshqa chegara mavjud
UZCARD tizimida 2026-yil 15-apreldan avtomatik akseptsiz yechib olishda kartada kamida 3 BHM miqdorida kamaytirilmaydigan qoldiq saqlanishi belgilangan.
BHM 440 ming so‘m ekanini hisobga olsak, bu 1,32 mln so‘mga teng. Ya’ni UZCARD doirasidagi amaldagi chegara Markaziy bank taklif qilayotgan 680 ming so‘mlik minimumdan qariyb ikki baravar ko‘p.
Biroq UZCARD talabi mijoz bankka o‘zi taqdim etgan va bir martalik SMS-kod orqali tasdiqlagan karta rekvizitlariga tatbiq etilmaydi. Markaziy bank loyihasi esa minimal qoldiq talabini barcha tijorat banklari uchun umumiy normativ qoida sifatida belgilashni nazarda tutmoqda.
Loyiha hozircha qabul qilinmagan. Jamoatchilik muhokamasi 2026-yil 14-sentabrgacha davom etadi. Shundan keyin hujjat o‘zgartirilishi, qabul qilinishi yoki rad etilishi mumkin.



