Prezident oliy ta’limda “korxona — oliygoh — maqsadli kadr” tizimini joriy etish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi. Kelasi yildan tizim 75 ta oliygohda, 2028-yildan esa barcha oliy ta’lim muassasalarida amal qiladi. Ishga qabul qilingan talabaning maoshi yarmi davlat tomonidan qoplanadi.
Yangi tizimda korxona o‘ziga zarur mutaxassisni tayyorlash uchun oliygohga buyurtma beradi. Ish beruvchi tanlagan nomzod test sinovisiz, suhbat asosida o‘qishga qabul qilinadi.
Talaba o‘qish bilan birga buyurtmachi korxonada ishlaydi. Unga to‘langan ish haqining 50 foizi davlat hisobidan qoplab beriladi.
Korxona talabaga amaliy ko‘nikmalarni o‘rgatish uchun alohida ustoz biriktiradi. Ushbu ustozga oliygoh pedagogining oyligiga teng miqdorda qo‘shimcha haqni korxona to‘laydi.
Agar korxona oliygohdan yoki talabaning yashash joyidan uzoqda joylashgan bo‘lsa, uning ijara xarajatlari ham qoplanadi. Biroq ushbu to‘lovning miqdori va uni olish tartibi hozircha ochiqlanmagan.
O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tkaziladi. Bu imkoniyat barcha talabaga avtomatik berilmaydi — grant uchun talabaning o‘qish va mehnat natijalari hisobga olinadi.
Oliygohlarda dual ta’lim bilan shug‘ullanuvchi alohida bo‘limlar tashkil etiladi. O‘quv ishlari bo‘yicha prorektorlar faoliyatining asosiy qismi ushbu tizimni yo‘lga qo‘yishga yo‘naltiriladi.
Dual ta’limni eng yaxshi tashkil qilgan uchta oliygoh va ular bilan ishlagan korxonalar mukofotlanadi. Ularning har biriga 1 mlrd so‘mdan 3 mlrd so‘mgacha mablag‘ beriladi. Oliygoh olgan mukofotning yarmi tizimni yo‘lga qo‘yishga hissa qo‘shgan pedagoglarni rag‘batlantirish uchun sarflanadi.
Avvalroq 3–4-bosqich talabalarining kamida 80 foizi, ya’ni qariyb 185 ming nafar yoshni dual ta’lim bilan qamrab olish maqsadi e’lon qilingandi. 2027/2028-o‘quv yilida tizimga 3,5 mingta korxonani jalb qilib, dastlab 12,5 ming talabani qamrab olish rejalashtirilgan.








