Bu haqda 9-noyabr kuni prezident Shavkat Mirziyoyevning elektrotexnika sanoati vakillari, xorijiy investorlar va mahalliy tadbirkorlar bilan uchrashuvida ma’lum qilindi.
Yangi mexanizm aholining mahalliy maishiy texnikalarni xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirish va mamlakatda ishlab chiqarilgan mahsulotlar savdosini oshirishga qaratilgan.
Unga ko‘ra, tijorat banklari tomonidan O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan muzlatkich, kir yuvish mashinasi, konditsioner va boshqa maishiy texnikalarni xarid qilish uchun yillik 18 foiz stavkada iste’mol kreditlari ajratilishi ko‘zda tutilmoqda.
Mutasaddilarga ikki hafta ichida tegishli hisob-kitoblarni tayyorlash hamda tijorat banklariga ushbu kreditlar uchun arzon moliyaviy resurslar joylashtirish bo‘yicha aniq taklif kiritish topshirildi.
Hozircha kreditlarning maksimal miqdori, muddati, boshlang‘ich badal talablari va qaysi banklar orqali ajratilishi ma’lum qilinmagan.
Shuningdek, yangi kreditlash mexanizmi qachondan ishga tushishiga ham aniqlik kiritilmagan.








