Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining 2026-yil 11-noyabrda Adliya vazirligida 3971-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyrug‘i asosida xorijiy qimmatli qog‘ozlarning O‘zbekistonda muomalada bo‘lish tartibi tasdiqlandi.

12-noyabrdan kuchga kirgan nizom kapital bozoridagi “Tartibga solish qumdoni” maxsus huquqiy rejimi doirasida amal qiladi. U xorijiy qimmatli qog‘ozlarni O‘zbekiston fond birjasi va mahalliy investitsiya vositachilarining elektron platformalari orqali sotib olish va sotish qoidalarini belgilaydi.

Yangi tartib xorijiy kompaniyalar aksiyalari, korporativ va davlat obligatsiyalari, birja investitsiya fondlari (ETF), indeks fondlari qimmatli qog‘ozlari hamda depozitar tilxatlar bilan operatsiyalarni amalga oshirish imkoniyatini nazarda tutadi.

Kimlar xorijiy aksiyalarni sotib olishi mumkin?

Nizomga ko‘ra, xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan savdo qilish huquqi malakali investor sifatida tan olingan jismoniy va yuridik shaxslarga beriladi.

Jismoniy shaxs malakali investor maqomini olish uchun quyidagi mezonlardan kamida bittasiga javob berishi kerak:

  1. Kamida 5 ming AQSH dollari miqdorida pul mablag‘lari, qimmatli qog‘ozlar yoki boshqa moliyaviy vositalarga ega bo‘lish.

  2. So‘nggi 12 oyda broker belgilagan miqdor va summada investitsiya bitimlarini amalga oshirgan bo‘lish.

  3. Qimmatli qog‘ozlar bozori mutaxassisining malaka sertifikatiga ega bo‘lish.

  4. CFA, CIIA, FRM yoki broker tan oladigan boshqa xalqaro moliyaviy sertifikatlardan biriga ega bo‘lish.

  5. Moliya, iqtisodiyot, matematika, biznes-tahlil, buxgalteriya hisobi, investitsiyalar yoki moliyaviy huquq yo‘nalishida oliy ma’lumotga ega bo‘lish.

  6. Investitsiya faoliyati yoki moliyaviy tavakkalchiliklarni boshqarish bilan bevosita bog‘liq lavozimlarda kamida ikki yil ishlagan bo‘lish.

Demak, xorijiy aksiyalar savdosida qatnashish uchun albatta 5 ming dollar investitsiya kiritish talab etilmaydi. Bu miqdor investorning moliyaviy imkoniyatini baholash mezonlaridan biri hisoblanadi.

Masalan, tegishli yo‘nalishda oliy ma’lumotga ega bo‘lgan yoki investitsiya sohasida kamida ikki yil ishlagan shaxs ham boshqa talablar bajarilganda malakali investor sifatida tan olinishi mumkin.

Malakali investor maqomi qanday olinadi?

Mazkur maqomni berish vakolati investitsiya vositachisi, ya’ni brokerga yuklatilgan.

Buning uchun investor tegishli hujjatlarni taqdim etishi kerak. Broker ushbu hujjatlarni o‘rganib, shaxsning belgilangan mezonlarga muvofiqligini tekshiradi.

Bundan tashqari, investorning moliya bozori, investitsiya vositalari va ular bilan bog‘liq tavakkalchiliklar haqidagi bilimlari test orqali baholanadi.

Ayrim kasbiy malaka yoki ta’lim mezonlariga javob beradigan shaxslar broker qaroriga asosan testdan ozod qilinishi mumkin.

Agar investor zarur tekshiruvlardan o‘ta olmasa, unga malakali investor maqomi berilmaydi. Shunday qilib, tegishli diplom yoki moliyaviy aktivlarga ega bo‘lishning o‘zi barcha holatlarda xorijiy aksiyalarni darhol sotib olish huquqini kafolatlamaydi.

Qaysi xorijiy aksiyalarni sotib olish mumkin bo‘ladi?

Yangi nizom xorijiy qimmatli qog‘ozlar savdosining ikkita mexanizmini belgilaydi.

Birinchi mexanizmda xorijda saqlanayotgan aksiyalar asosida mahalliy moliyaviy vositalar chiqariladi. Ular O‘zbekiston fond birjasida yoki mahalliy brokerlarning elektron platformalarida savdoga qo‘yiladi.

Bunda Markaziy depozitariy xorijiy qimmatli qog‘ozlarni bazaviy aktiv sifatida hisobga oladi. Har bir mahalliy moliyaviy vosita bitta xorijiy qimmatli qog‘oz birligiga mos kelishi kerak.

Ikkinchi mexanizmda esa mahalliy brokerning elektron platformasi orqali bevosita xorijiy savdo maydonchalarida bitim tuzish imkoniyati yaratiladi.

Biroq barcha xorijiy kompaniyalarning aksiyalari avtomatik ravishda O‘zbekiston bozoriga kiritilmaydi.

Buning uchun qimmatli qog‘oz tegishli xalqaro identifikatsiya raqamiga (ISIN) yoki boshqa rasmiy identifikatorga ega bo‘lishi, belgilangan xorijiy yurisdiksiyalarda ro‘yxatdan o‘tgan bo‘lishi va boshqa talablarga javob berishi kerak.

Shuningdek, xorijiy savdo maydonchasidagi listing qimmatli qog‘ozlarining umumiy kapitalizatsiyasi kamida 1 trln dollar bo‘lishi talab etiladi. Bu talab alohida kompaniyaning emas, savdo maydonchasining umumiy kapitalizatsiyasiga nisbatan qo‘llanadi.

O‘zbekistonda muomalaga kiritilishi mumkin bo‘lgan xorijiy qimmatli qog‘ozlar ro‘yxati ILMA tomonidan shakllantiriladi.

Tegishli ariza 10 ish kuni davomida ko‘rib chiqiladi. Muomalaga chiqariladigan qimmatli qog‘ozlarning hajmi esa Markaziy bank bilan kelishiladi.

Investorlar pullarini qanday qaytarib oladi?

Nizomda xorijiy qimmatli qog‘ozlar savdosida investorlarning huquqlarini himoya qilishga qaratilgan alohida talablar ham belgilangan.

Xususan, broker mijozning aktivlarini hisobga olish, ularning saqlanishini ta’minlash, dividendlar kabi korporativ harakatlarni investor manfaatiga amalga oshirish va muhim holatlar haqida xabardor qilishga majbur.

Investor xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalardan olingan daromadlarni investitsiya hisobvarag‘ida saqlashi, boshqa qimmatli qog‘ozlarga yo‘naltirishi yoki O‘zbekistondagi bank hisobvaraqlari va kartalariga o‘tkazishi mumkin.

Bunda pul mablag‘larini yechib olish to‘g‘risidagi topshiriq uch bank kunidan oshmagan muddatda bajarilishi kerak.

Agar mablag‘lar besh ish kunidan keyin ham xorijiy vositachidan kelib tushmasa, mahalliy broker nizomda nazarda tutilgan istisnolardan tashqari holatlarda to‘lovni o‘z hisobidan amalga oshirishi shart.

Bundan tashqari, brokerlik platformalari investorlarga kamida kuniga bir marta pul mablag‘larini yechib olish imkoniyatini yaratishi kerak.

Kreditga xorijiy aksiyalar sotib olish mumkinmi?

Yangi tartibda xorijiy qimmatli qog‘ozlarni qarz mablag‘lari hisobidan sotib olish taqiqlangan.

Bu investorlarning qarz hisobidan yuqori tavakkalchilikka ega moliyaviy operatsiyalarni amalga oshirishini cheklashga qaratilgan.

Shuningdek, xorijiy qimmatli qog‘ozlar bilan operatsiyalardan olingan daromadlarga O‘zbekiston soliq qonunchiligiga muvofiq soliq solinadi.

Nizom xorijiy qimmatli qog‘ozlarning muomalasini to‘xtatib turish yoki to‘xtatish imkoniyatini ham nazarda tutadi. Bunday choralar qonunchilik talablari buzilganda yoki investorlar manfaatlariga ta’sir qiluvchi boshqa holatlar yuzaga kelganda qo‘llanishi mumkin.

Yangi tartib amalda nimani o‘zgartiradi?

Hujjat O‘zbekiston rezidentlari uchun xorijiy moliya bozorlariga mahalliy investitsiya vositachilari orqali chiqishning yangi huquqiy mexanizmini yaratadi.

Biroq nizomning kuchga kirgani istalgan fuqaro hozirdanoq istalgan xorijiy kompaniyaning aksiyalarini O‘zbekistondagi broker orqali sotib olishi mumkinligini anglatmaydi.

Buning uchun brokerlar tegishli savdo mexanizmlarini ishga tushirishi, xorijiy qimmatli qog‘ozlar belgilangan tartibda muomalaga ruxsat etilgan instrumentlar reyestriga kiritilishi, investor esa malakali investor maqomini olishi kerak.

Shunday qilib, yangi tartib xorijiy aksiyalar savdosini bosqichma-bosqich yo‘lga qo‘yish uchun huquqiy asos yaratadi.

Huquqiy asos: ILMA direktorining Adliya vazirligida 3971-son bilan ro‘yxatdan o‘tkazilgan buyrug‘i. Hujjat 2026-yil 12-noyabrdan kuchga kirgan.