Mehnat kodeksining 333-moddasida ish haqini o‘z vaqtida to‘lamagan ish beruvchining moddiy javobgarligi belgilangan. Unga ko‘ra, xodimga tegishli to‘lovlar kechiktirilsa, ish beruvchi qarzdorlikni qoplash bilan cheklanmay, kechikkan davr uchun foiz ham to‘lashi shart.
Bu qoida nafaqat oylik maosh, balki mehnat ta’tili pullari, ishdan bo‘shaganda berilishi lozim bo‘lgan mablag‘lar va xodimga tegishli boshqa to‘lovlarga ham tatbiq etiladi.
Kompensatsiya belgilangan to‘lov muddatidan keyingi kundan boshlab hisoblanadi. Bunda ish beruvchi xodim bilan amalda hisob-kitob qilgan kun ham kechikish davriga qo‘shiladi.
Kompensatsiya qanday hisoblanadi?
Mehnat kodeksining 333-moddasiga ko‘ra, ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun kompensatsiya Markaziy bankning qayta moliyalashtirish stavkasining 10 foizi miqdorida hisoblanadi. Kodeksda eski atama saqlanib qolgan bo‘lsa-da, Markaziy bank 2020-yildan buyon “asosiy stavka” atamasidan foydalanadi.
2026-yil 14-noyabr holatiga Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foizni tashkil etadi. Demak, ish haqi kechiktirilgan har bir kun uchun xodimga qarzdorlik summasining 1,4 foizi miqdorida kompensatsiya hisoblanadi.
Masalan, xodimning 5 mln so‘mlik ish haqi 10 kunga kechiktirilsa, bir kunlik kompensatsiya 70 ming so‘mni, 10 kunlik kompensatsiya esa 700 ming so‘mni tashkil etadi.
Hisob-kitob: 5 000 000 × 14% × 10% × 10 kun = 700 000 so‘m.
Shunday qilib, ish beruvchi xodimga 5 mln so‘m ish haqi bilan birga 700 ming so‘m kompensatsiya, jami 5,7 mln so‘m to‘lashi kerak bo‘ladi.
Kompensatsiya ish haqi to‘lanishi kerak bo‘lgan sanadan keyingi kundan boshlab, qarzdorlik to‘liq qoplangan kungacha hisoblanadi. Agar kechikish davrida asosiy stavka o‘zgarsa yoki ish haqining bir qismi to‘lansa, hisob-kitob ham shunga qarab amalga oshiriladi.
Ish haqi qachon to‘lanishi kerak?
Mehnat kodeksining 253-moddasiga ko‘ra, ish haqi to‘lash muddatlari jamoa shartnomasi, tashkilotning ichki hujjatlari yoki mehnat shartnomasida belgilanadi.
Qoida tariqasida, xodimlarga ish haqi har yarim oyda kamida bir marta, ya’ni 16 kundan ko‘p bo‘lmagan tanaffus bilan ikki qismga bo‘lib to‘lanishi kerak. Ayrim toifadagi xodimlar uchun hukumat tomonidan bundan mustasno tartib belgilanishi mumkin.
Bundan tashqari, ish haqi to‘lanadigan sana dam olish yoki ishlanmaydigan bayram kuniga to‘g‘ri kelsa, mablag‘ ushbu kunlardan oldin berilishi shart.
Korxonada pul bo‘lmasa ham kompensatsiya to‘lanadimi?
Ha. Mehnat kodeksining 333-moddasiga ko‘ra, kompensatsiya to‘lash majburiyati ish beruvchining kechikishda aybi bor yoki yo‘qligidan qat’i nazar yuzaga keladi.
Demak, korxonada vaqtincha mablag‘ yetishmasligi, moliyalashtirish kechikishi yoki boshqa tashkiliy muammolar ish beruvchini ushbu majburiyatdan ozod qilmaydi.
Shuningdek, jamoa shartnomasi, ichki hujjat yoki mehnat shartnomasida kompensatsiyaning qonunda belgilanganidan yuqoriroq miqdori nazarda tutilishi mumkin.
Ish haqi kechiksa, qayerga murojaat qilish kerak?
Xodim dastlab ish beruvchiga yozma murojaat qilib, kechiktirilgan ish haqi va hisoblangan kompensatsiyani to‘lashni talab qilishi mumkin. Murojaatda to‘lovning belgilangan sanasi, qarzdorlik summasi va kechikish davrini ko‘rsatish maqsadga muvofiq.
Ish beruvchi talabni bajarmasa, xodim Davlat mehnat inspeksiyasiga murojaat qilishi yoki o‘z huquqlarini sud orqali himoya qilishi mumkin.
Davlat mehnat inspeksiyasiga quyidagi aloqa kanallari orqali murojaat qilish mumkin:
1176 — qisqa raqam;
+998 71 200-06-00 — ishonch telefoni;
@munosibmehnat_bot — Telegram orqali murojaat yuborish.
Bunda mehnat shartnomasi, ish haqi hisob-kitobi, bank ko‘chirmalari va ish beruvchi bilan yozishmalarni saqlab qo‘yish nizoni ko‘rib chiqishda yordam beradi.
Muhimi, ish beruvchi kechiktirilgan ish haqini keyinchalik to‘liq to‘lab bergani uning kompensatsiya to‘lash majburiyatini bekor qilmaydi. Xodim kechikkan davr uchun qo‘shimcha to‘lovni ham talab qilishga haqli.









