Google Pay 19-oktabrdan O‘zbekistonda ish boshladi. Bu haqda Samarqandda Markaziy Osiyo davlatlari va AQSH o‘rtasidagi C5+1 formati doirasida o‘tkazilgan raqamli texnologiyalar bo‘yicha panel sessiyasida Google Cloud vakili Marcin Krasuski ma’lum qildi.
“Bugun Google O‘zbekistonda GPay — Google Pay xizmatini ishga tushirayotganini mamnuniyat bilan e’lon qilaman”, — dedi Krasuski.
Shu bilan birga, O‘zbekiston Google’ning Google Pay orqali to‘lovlarni amalga oshirish mumkin bo‘lgan davlat va hududlar rasmiy ro‘yxatiga kiritildi. Google ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekistonda xizmatdan ishtirokchi sayt va ilovalarda to‘lov qilish uchun foydalanish mumkin.
Google Pay orqali foydalanuvchi bank kartasini Google Wallet’ga biriktirib, qo‘llab-quvvatlanadigan xizmatlarda karta ma’lumotlarini har safar qayta kiritmasdan to‘lov qilishi mumkin. Kontaktsiz to‘lovlarda esa Android qurilmasida NFC bo‘lishi va Google Wallet tomonidan qo‘llab-quvvatlanadigan bank kartasi ulangan bo‘lishi talab etiladi.
Qaysi banklarning kartalari ishlaydi?
Hozircha Google, Markaziy bank yoki tijorat banklari O‘zbekistonda Google Pay’ga ulanadigan banklar va kartalarning yakuniy ro‘yxatini e’lon qilgani yo‘q.
Shuning uchun xizmat ishga tushgani O‘zbekistonda chiqarilgan barcha Visa, Mastercard, Uzcard yoki Humo kartalarini Google Wallet’ga darhol qo‘shish mumkinligini anglatmaydi. Google’ning o‘zi ham Google Wallet’da kartaning ishlashi uni chiqargan bank tomonidan belgilanayotganini qayd etadi.
Markaziy bank avvalroq tijorat banklari, Uzcard va Humo bilan Apple Pay hamda Google Pay’ni texnik integratsiya qilish ustida ish olib borilayotganini bildirgan edi. Visa va Mastercard bilan bir qatorda mahalliy Uzcard va Humo kartalarini ham ushbu xizmatlarga ulash masalasi ko‘rib chiqilgan.
Ayni paytda Google Pay O‘zbekistonga kirishidan oldin ham ayrim mahalliy kompaniyalarda ushbu xizmat orqali onlayn to‘lovlarni qabul qilish imkoniyati paydo bo‘lgandi. Xususan, sentabr oyida Octobank internet-ekvayring tizimiga Apple Pay va Google Pay’ni qo‘shib, Uzbekistan Airways hamda Centrum Air saytlarida Visa kartalari orqali bunday to‘lovlarni qabul qilishni boshlagan.
Google Pay’ning kirishiga nima to‘sqinlik qilgan edi?
Xizmatning O‘zbekiston bozoriga kirishidagi asosiy to‘siqlardan biri shaxsga doir ma’lumotlarni mamlakat ichida saqlash talabi edi.
2026-yil 26-martda prezident tomonidan imzolangan qonun bilan bu talab qayta ko‘rib chiqildi. Endilikda O‘zbekiston hududida majburiy saqlanishi kerak bo‘lgan ma’lumotlar asosan biometrik, genetik hamda telekommunikatsiya operatorlari foydalanuvchilariga oid ma’lumotlar bilan cheklangan. Boshqa shaxsiy ma’lumotlarni qonunda belgilangan shartlar asosida xorijda saqlash va qayta ishlash mumkin.
Bu o‘zgarish Google Pay, Apple Pay va boshqa xalqaro raqamli xizmatlarning O‘zbekiston bozoriga kirishidagi huquqiy to‘siqlardan birini olib tashladi.
2024-yildayoq hukumat Markaziy bank, Raqamli texnologiyalar vazirligi va boshqa tashkilotlarga Apple Pay, Google Pay, PayPal, Alipay hamda boshqa xalqaro to‘lov xizmatlarini O‘zbekiston tizimlariga ulash bo‘yicha muzokaralar olib borish vazifasini yuklagan edi.
Google Pay ishga tushgani rasman e’lon qilingan bo‘lsa-da, xizmatning O‘zbekistondagi amaliy qamrovi banklarning tizimga ulanishiga bog‘liq bo‘ladi. Hozircha aynan qaysi bank va kartalar birinchi bosqichda Google Wallet’ga qo‘shilishi mumkinligi ma’lum qilinmagan.








