Toshkent shahrida markazlashgan isitish va hisoblagich orqali hisoblanadigan issiq suv tariflari 2026-yil 1-noyabrdan qariyb 30 foizga oshirilishi mumkin. Bu jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilgan Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida nazarda tutilgan. Hujjat hozircha qabul qilinmagan.
Toshkent shahri uchun taklif etilayotgan tariflar quyidagicha:
Isitish: 1 kvadrat metr uchun kuniga 241,44 so‘mdan 314 so‘mga;
Hisoblagichli issiq suv: 1 kub metr uchun 8 928,67 so‘mdan 11 607 so‘mga;
Hisoblagichsiz issiq suv: bir kishi uchun oyiga 52 303,39 so‘mdan 45 330 so‘mga;
Umumiy dushli yotoqxonalarda issiq suv: bir kishi uchun oyiga 38 908,16 so‘mdan 33 720 so‘mga.
Shu tariqa, isitish va hisoblagichli issiq suv tariflari qariyb 30 foizga oshishi, hisoblagichsiz issiq suv uchun oylik to‘lovlar esa 13,3 foizga kamayishi mumkin.
Masalan, 50 kvadrat metr isitiladigan xonadonning 30 kunlik isitish to‘lovi amaldagi tarif bo‘yicha 362,2 ming so‘mni tashkil qiladi. Taklif etilayotgan tarif tasdiqlansa, to‘lov 471 ming so‘mga yetadi. Farq bir oyda 108,8 ming so‘m bo‘ladi. To‘lov isitiladigan maydon va isitish kunlari soniga qarab hisoblanadi.
Oyiga 5 kub metr issiq suv ishlatadigan, hisoblagich o‘rnatilgan xonadonda esa oylik to‘lov taxminan 44,6 ming so‘mdan 58 ming so‘mga chiqadi. Bu 13,4 ming so‘mlik qo‘shimcha xarajat degani.
Qaror loyihasining ilovasida boshqa hududlardagi markazlashgan issiqlik ta’minoti korxonalari uchun ham alohida tariflar keltirilgan. Toshkent shahri uchun hisoblangan 30 foizlik o‘sish barcha hududlarda tariflar aynan shuncha oshishini anglatmaydi.
Loyihada 2028-yildan boshlab aholi uchun issiqlik ta’minoti tariflarini har yili 1-mayda inflyatsiyani hisobga olgan holda indeksatsiya qilish tartibi ham taklif etilmoqda. Bir martalik indeksatsiya 10 foizdan oshmasligi kerak. Bu tarif har yili albatta 10 foizga ko‘tariladi degani emas.
Yangi tariflar hozircha amal qilmaydi. Ular qaror qabul qilinib, kuchga kirgan taqdirdagina to‘lovlarni hisoblashda qo‘llanadi.








